29 апрел 2022

“Stixiya”: Moʻynoqdagi musiqa festivaliga qanday tayyorgarlik koʻrish kerak?

Mazmuni
  • Autfit
  • Artistlar
  • Yuk
  • Pul
  • Uy
  • Yo'l
  • San'at
  • Odamlar
  • Ta'lim
  • Ob-havo
  • Yordam
  • Oqilona iste’mol
  • Tana
  • Texnika
  • Chamadon
  • Ekskursiyalar

Ushbu bahorning eng shov-shuvli musiqiy tadbiri oldidan nazorat roʻyxati

6-8 may kunlari Moʻynoqda (qachonlardir Orol dengizi bagʻrida joylashgan ushbu shahar hozirgi kunda kemalar qabristoniga aylangan) “Stixiya” nomli elektron musiqa festivali boʻlib oʻtadi.

 

Ushbu tadbir musiqachilar, dijeylar, prodyuserlar, san’at va fan arboblari ishtirok etadigan bir qator loyihalardan iborat. Barcha ishtirokchilar yerning oʻziga xos burchagi boʻlgan Moʻynoqda koʻplab odamlarni oʻziga tortadigan markaz yaratishni maqsad qilib olgan. Boshida faqat musiqiy tadbir sifatida koʻrilgan ushbu festival keyinchalik koʻp qirrali tus oldi va elektron musiqa bilangina cheklanmay qoʻydi.

 

Bunday voqealar oʻzining noyob madaniyati bilan ham qiziq. Vaqtni imkon qadar koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun ushbu tadbirga oldindan tayyorgarlik koʻrish maqsadga muvofiq boʻladi. Quyida festivalda maroqli hordiq chiqarish uchun amal qilish kerak boʻlgan oddiy qoidalar keltirilgan: 

Autfit

Vaqtxushlik festivaldan ancha oldin boshlanib ketishini koʻpchilik bilmaydi. Biz bunday musiqiy tadbirlar haqida nimalarni bilamiz oʻzi? U yerda oʻzgacha muhit hukm suradi, yorqin koʻrinishga ega odamlar boʻladi va koʻplab ajoyib insonlar bilan tanishish mumkin.

 

Coachella, Burning man, Glastonbury va shunga oʻxshash festivallarda odamlar oʻzini qanday ifoda etishga intilishini oʻrganib chiqing, soʻng doʻkonlarni, kostyum ijaraga beriladigan salonlar yoki sekon-xendlarni aylaning, makiyaj bilan mudbord qiling yoki sochlaringizni yorqin rangga boʻyab oling — musiqiy tadbirlar ijodiy erkinlikni his etish uchun ajoyib fursat hisoblanadi.

1

Artistlar

Har qanday darajadagi festivalga oldindan tayyorgarlik koʻrgan ma’qul. Ishtirok etuvchi artistlar haqida ma’lumotlarni oʻrganib chiqish, yaxshirogʻi ularning ijodi  bilan tanishib olish maqsadga muvofiq. “Stixiya”ning rasmiy saytida va Instagram sahifasida ishtirokchilarning toʻliq roʻyxati keltirilgan. Ushbu roʻyxat bilan tanishib chiqing, oʻzingizga yoqqan qoʻshiqlarni saqlab qoʻying va jonli ijroni oʻtkazib yubormang.

2

Yuk

Festivalga samolyotda yoʻl oladigan kishilarning koʻpi yuksiz chiptalarni xarid qilgan, shuning uchun qoʻl yukini tashish qoidalarini bilib qoʻygan yaxshi. Oʻzingiz bilan sanchiydigan va kesadigan buyumlarni olib chiqmang, shuningdek suyuqliklar uchun kichik sigʻimli idishlar oling. 

3

Pul

Oʻzingiz bilan pul olib boring. Festival doirasida fudkord, shoping hudud va boshqa koʻplab qiziqarli narsalar tashkil etilgan — yoningizda pulingiz boʻlmasa, afsuslanib qolishingiz mumkin. Umuman olganda, bunday payt kishida ortiqcha mablagʻ boʻlgani zarar qilmaydi.

4

Uy

Yoʻlga chiqishdan oldin albatta uyingizni tekshiruvdan oʻtkazing. Uy hayvonlaringiz va oʻsimliklaringizdan kimdir xabar olib tursin, ota-onangizga qoʻngʻiroq qilib qoʻying, muzlatkichni boʻshating, axlatni olib chiqib tashlang va maishiy qurilmalarni oʻchirishni unutmang.

5

Yo'l

Agar siz festivalga mashinada bormoqchi boʻlsangiz, avtomobilingizni oldin ustaga koʻrsatib, keyin yoʻlga chiqing. Mashinangiz buzilib, choʻlning oʻrtasida qolib ketmang mobodo. Shuningdek hujjatlar va zaxira buyumlarini tekshirib koʻrish maqsadga muvofiq. Offlayn kartangizni yuklab olsangiz ham, yaxshi boʻladi.

6

San'at

Agar siz rassom yoki krieytor boʻlsangiz, biror-bir qiziqarli loyiha toʻgʻrisida oʻylab koʻrsangiz ham boʻladi. Chuqur ma’noga ega kompozitsiya oʻylab toping, hujjatli videorolikka ssenariy yozing yoki kartinaning eskizini yarating. Bu yil ijodiy ishlar soni qancha koʻp boʻlsa, kelajakda shuncha koʻp kishida festivalga borish ishtiyoqi uygʻonadi.

Odamlar

Musiqiy festivallar eng avvalo odamlar uchun tashkil etiladi, shunki bunday tadbirlar yangi tanish orttirish uchun ajoyib maydoncha boʻlib xizmat qiladi. Boshqalar bilan tanishishdan qochmang, atrofingizdagilarni hurmat qiling (ayniqsa mahalliy aholini, chunki siz mehmondasiz) va aloqa ma’lumotlari bilan almashishni unutmang. Kim biladi, balki kelajakda bir-biringizga foydangiz tegib qolar.

7

Ta'lim

Festival doirasida turli xil ijtimoiy va ekologik mavzularga bagʻishlangan forumlar boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan. Ushbu tadbirlar haqida tashkilotchilardan ma’lumot oling yoki festivalning rasmiy onlayn sahifalarida anonslarni kuzatib boring.

 

Shuningdek Moʻynoqda Orol dengizi muzeyi, Nukusda esa Savitskiy muzeyi bor. Bu kunduz kuni musiqiy chiqishlar orasida tanaffus e’lon qilingan payt koʻngil ochish uchun ajoyib imkoniyat.

8

Ob-havo

Ob-havo — safaringiz davomida siz uchun eng e’tiborli jihatlardan biri. Shuni yodda tutingki, Moʻynoq — bu kunduzi juda issiq, kechqurun anchagina sovuq boʻlgan choʻl oʻlkasi.

 

Yuz va tana uchun quyoshdan yuqori darajada himoya qilish xususiyatiga ega (SPF) krem xarid qiling hamda kreativ liboslardan tashqari, sizga asqatishi mumkin boʻlgan kiyim-kechaklar haqida ham qaygʻuring.

9

Yordam

“Stixiya” kabi voqealarni qoʻllab-quvvatlash kerak. Tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiring, ishtirokchilarning sahifalarini ijtimoiy tarmoqlarda belgilang va albatta “Stixiya” haqida boshqalarga aytib bering. Festivalga qancha koʻp odam yigʻilsa, u shuncha yaxshi rivojlanib boradi.

10

Oqilona iste’mol

Har bir inson nafaqat iste’mol qilish, balki yaratish haqida ham qaygʻurishi kerak. Shuning uchun festivalga borayotib shuni unutmangki, ushbu tadbir muhim ijtimoiy va ekologik mavzularni koʻtarish maqsadida tashkil etilgan, siz oʻzingizdan keyin axlat qoldirib ketishingiz uchun emas.

 

Tabiat va atrof-muhitni ehtiyot qiling — oʻzingiz bilan koʻp marta ishlatish uchun moʻljallangan idish-tovoq olib boring, chiqindilarni yigʻishtirib, iloji boricha saralab keting.

11

Tana

Ertalabgi va kunduzgi boʻsh vaqtingizni qanday oʻtkazish oʻzingizning fantaziyangizga bogʻliq.

 

Yoqtirgan sportingiz bilan shugʻullanishingiz uchun oʻzingiz bilan forma va yoga uchun gilamcha oling. Yaqinda joylashgan suv omborida choʻmilishni istasangiz, suzish uchun kiyimlaringiz boʻlsin. Shuningdek festival doirasida meditatsiya va massaj xizmatlari uchun alohida joy ajratilgan. Qanday ajoyib, toʻgʻrimi?

12

Texnika

Samolyotda yoki manzilingizgacha boʻlgan boshqa joylarda aloqa boʻlmasligi mumkin. Shuning uchun, yoʻlda zerikib qolishni xohlamasangiz, poverbank uskunasini oʻzingiz bilan olishni, shuningdek gadjetingizga sevimli ijrochingizning ashulalarini, seriallar yoki kitoblarni yuklab olishni esdan chiqarmang.

 

Aytgancha, uskunalaringiz xotirasini tozalab qoʻyishni ham unutmang, chunki festivalning eng qizgʻin pallalarini rasmga ololmaslik — bu achinarli, albatta.

13

Chamadon

Safar uchun kiyimlarni chamadonga joylar ekansiz, sizga kiyim-kechakdan tashqari yana nimalar kerak boʻlib qolishi haqida oʻylab koʻring. Bu dori-darmon, siz yaxshi koʻrgan yengil taom, gigiyena vositalari (xostellarda sizga sochiq bilan sovun berishmasa kerak) va boshqa shaxsiy buyumlar boʻlishi mumkin.

 

Shuningek, yoʻlga chiqishdan oldin sumkangizni oʻlchab koʻring, chipta turiga qarab yuk hajmi boʻyicha cheklovlar mavjud boʻladi.

14

Ekskursiyalar

Moʻynoq — bu faqat festival, kemalar va sahro degani emas, siz u yerda shuningdek eng yaqin joylashgan koʻlga yoki Orol dengiziga borib kelishingiz mumkin. Imkoniyatlar haqida tashkilotchilardan yoki mahalliy aholidan soʻrab koʻring, yaxshirogʻi turistik operatorlar orqali sayohatga avvalroq buyurtma bering.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish